Sifat so’z turkumi yuzasidan mustahkamlash darsi

Sinf: 6                        Fan:Ona tili                        O’quvchi soni: 30

Mavzu: Sifat so’z turkumi yuzasidan mustahkamlash darsi

Darsning maqsadi:

  1. Ta’limiy: o’quvchilarning sifat so’z turkumi yuzasidan bilim, ko’nikma, malakalarini mustahkamlash, olgan bilimlarini saralash va samarali foydalanish;
  2. Tarbiyaviy: o’quvchilarni Vatanga muhabbat, insonparvalik ruhida tarbiyalash, ularda kitobga bo’lgan havasni oshirish va kitobxonlik madaniyatini tarbiyalash;
  3. Rivojlantiruvchi: o’quvchilarning yozma savodxonligini oshirish, nutqiy kompetensiyani rivojlantirish;

Dars turi: bilimlarni mustahkamlovchi

Dars metodi: savol-javob, “Aqliy hujum”, “Zanjir”, “Topqirlar o’yini”, kichik guruhlarda ishlash, og’zaki va yozma

Dars jihozi: darslik, kubiklar, boshqotirma, multimedia, monitor, tarqatmalar

Darsning borishi:

  1. Tashkiliy qism: (3 daqiqa) sinf tozaligi va o’quvchilar davomatiga e’tibor berish;

Kun yangiliklari bilan tanishish;

  1. Uyga vazifani so’rash: (5 daqiqa) uyga vazifalar nazorat qilinadi va daftarlar almashtiriladi.
  • Yangi mavzu bayoni:

(Sifatning ma’no guruhlarining nomiga asosan o’quvchilar jamoasini 6 ta: “Xususiyat bildiruvchi sifatlar”, “Rang-tus bildiruvchi sifatlar”, “Maza-ta’m bildiruvchi sifatlar”, “Hajm-o’lchov bildiruvchi sifatlar”, “Hid bildiruvchi sifatlar”, “Makon-zamon sifatlari” guruhlariga bo’lib olamiz.

O’quvchilaning har bir to’g’ri javobi jamoaga “Oltin yulduzcha”ni olib keladi.)

1-topshiriq. O’quvchilarning har biriga 1 tadan 30 ta savol beriladi (5 daqiqa)

  1. Sifat so’z turkumi deb nimaga aytiladi?
  2. Sifat qaysi so’roqlarga javob bo’ladi?
  3. Sifat qaysi gap bolagi vazifasida keladi?
  4. Tub sifatga misol keltiring
  5. Yasam sifat deb nimaga aytiladi?
  6. Sifatning tuzilishiga ko’ra turlari?
  7. Qo’shma sifat deb ninaga aytiladi?
  8. Sifat+ot qolipi asosida qo’shma sifat hosil qiling
  9. Ot+sevar qolipi asosida qo’shma sifat hosil qiling
  10. Juft sifatga misol keltiring
  11. Sifatning nechta daraja shakli bor?
  12. Barcha darajalar uchun asos vazifasini bajaruvchi daraja shakli?
  13. –roq qo’shimchasi yordamida hosil bo’luvchi daraja shakli?
  14. “Bus-butun” sifati qaysi daraja shaklini hosil qilgan?
  15. Belgining me’yordan biroz kam ekanligini bildiruvchi daraja shakli?
  16. Belgining me’yordan kam ekanligini bildiruvchi daraja shakli?
  17. Belgining me’yordan ortiq ekanligini bildiruvchi daraja shakli?
  18. “Devoriy” so’zini darajalab bering.
  19. “Chiroyli” so’zining orttirma darajadagi shakli?
  20. Daraja ko’rsatkichiga ega bo’lmagan sifatlar?
  21. Rang-tus bildiruvchi ayrim sifatlardan -(i)mtir, (i)sh qo’shimchalari yordamida qaysi daraja shakli hosil qilinadi?
  22. Ozaytirma daraja shakli qaysi so’zlar yordamida hosil qilinadi?
  23. Sifat yasovchi qo’shimchalarni ayting
  24. O’xshashlik belgisini bildiruvchi sifat yasovchi qo’shimcha?
  25. “Ilmiy” tub sifatmi yoki yasama?
  26. Sifat bog’lanib kelgan ot gapda ba’zan tushib qoladi, natijada … fikrni davom ettiring.
  27. Sifatning nechta ma’no guruhi bor?
  28. “Kuzgi” so’zi sifatning qaysi ma’no guruhiga misol bo’la oladi?
  29. “To’g’ri o’zadi, egri to’zadi” ushbu gapdagi otlashgan sifatni aniqlang
  30. “Chiroyli” so’zi ingliz tilida qanday aytiladi?

2-topshiriq. O’qituvchi tomonidan yoddan 4 misra she’r aytiladi. O’quvchilar esa ushbu she’rda qatnashgan sifatlarni aniqlaydilar. Har bir guruh javobini yozma ravishda bayon qiladi. She’r 2 marta takrorlanadi. (5 daqiqa)

O’qituvchi: Vatan nima o’zi? Vatan sen va men!

Vatan ona-tuproq, yer, butun zamin.

Vatan balqi qasr yo oddiy kulba,

Vatan yoniq yurak, ko’ngilga taskin!

Javob: butun, balqi, oddiy, yoniq

3-topshiriq. Har bir guruhdan bittadan o’quvchi yozuv taxtasi oldiga taklif qilinadi. O’quvchilar gapda ishtirok etgan sifatlarning daraja shaklini aniqlaydi. (7 daqiqa)

  • Oftob balandroq ko’tarildi-yu, bulutlar tarqab, tog’larda ham havo ochilib ketdi.
  • Cho’qqilar avvalgidan ham ozroq va silliqroq ko’rinadi.
  • Oyko’l qishlog’ida na ko’l bor, na kattaroq ariq.
  • Oqlangan maktab binosi oydinda ko’kishroq ko’rinadi.
  • Kuy ta’sirida tog’lar avvalgidan azizroq va ulug’vorroq ko’rininb ketdi.
  • O’zbekiston – juda go’zal va maftunkor diyor.

4-topshiriq. Savatchadagi kubiklarning 6 ta yog’iga 6 xil surat yopishtirilgan. O’quvchilar guruhlarining nomidan kelib chiqib, suratlarga mos birikmalar hosil qilishadi. Har bir guruhdan bittadan o’quvchi taklif etiladi. (5 daqiqa)

  1. “Xususiyat bildiruvchi sifatlar “ guruhi (ot, o’quvchi, soat, ona, daraxt, ko’ylak)
  • Chopog’on ot
  • A’lochi o’quvchi
  • Oltin soat
  • Mehribon ona
  • Mevali daraxt
  • Yangi ko’ylak
  1. “Rang-tus bildiruvchi sifatlar” guruhi (olma, qalam, barg, paxta, gul, quyosh)
  • Qizil olma
  • Qora qalam
  • Yashil barg
  • Oq paxta
  • Pushti gul
  • Qizg’ish quyosh
  1. “Maza-ta’m bildiruvchi sifatlar” guruhi (suv, nok, qalampir, olcha, bodring, anor )
  • Chuchuk suv
  • Shirin nok
  • Achchiq qalampir
  • Nordon olcha
  • Sho’r bodring
  • Taxir anor
  1. “Hajm-o’lchov bildiruvchi sifatlar” guruhi (uy, Narvon, yo’l, bino, bola, ko’cha)
  • Keng uy
  • Uzun narvon
  • Qisqa yo’l
  • Baland bino
  • Kichkina bola
  • Tor ko’cha
  1. “Hid bildiruvchi sifatlar” guruhi (rayhon, botqoq, qo’ng’iz, atir, sarimsoq, balchiq)
  • Xushbo’y rayhon
  • Badbo’y botqoq
  • Sassiq qo’ng’iz
  • Xushbo’y atir
  • Sassiq sarimsoq
  • Badbo’y balchiq
  1. “Makon-zamon bildiruvchi sifatlar” guruhi (uy, kiyim,yozuv, mevalar, gullar, olma)
  • Qishki uy
  • Yozgi kiyim
  • Qadimgi yozuv
  • Kuzgi mevalar
  • Bahorgi gullar
  • Kechki olma

5-topshiriq. Sxema-boshqotirma. Bunda har bir guruhdan bittadan o’quvchi yozuv taxtasi yoniga chiqariladi va sxema ichidagi bo’sh joylarni sifat so’z turkumidagi so’zlar bilan to’diradilar. (5 daqiqa)

6-topshiriq. Guruhlar otlashgan sifat ishtirok etgan maqollardan aytadilar. Maqol aytishdan to’xtagan guruh o’z-o’zidan yutqazadi. (5 daqiqa)

  • To’g’ri o’zadi, egri to’zadi.
  • Yaxshi yurt tuzadi, yomon yurt buzadi.
  • Yomonning bog’i ko’karmas.
  • Dono o’ylab gapirar, nodon o’ynab.
  • Yaxshidan bog’ qoladi, yomondan dog’.
  • Dangasaning bahonasi ko’p.

Darsni mustahkamlash maqsadida muammoli savol e’lon qilaman:

Sifat va sifatdoshning farqini tushuntirib bering.(3 daqiqa)

Dars yakuni:(3 daqiqa) “Oltin yulduzcha”lar hisoblanib, g’olib jamoa aniqlanadi.

Uyga vazifa: (2 daqiqa) Sifat so’z turkumini qatnashtirib “Men sevgan kitob” mavzusida matn yaratish.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. 6-sinf ona tili darsligi 2017
  2. “O’zbek tilining asosiy imlo qoidalari” kitobi 2016
  3. Oripov “Saylanma” she’riy to’plam
  4. “Til va adabiyot ta’limi” jurnali 2016, 2017

Uchquduq tuman

18-umumiy o’rta ta’lim maktabi

ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi

Usmonova Dildora Ro’ziqulovnaning

ona tili fanidan tayyorlagan

bir soatlik dars ishlanmasi

Titul varaqasi

Ishtirokchining ismi, sharifi, otasining ismi: Usmonova Dildora Ro’ziqulovna

Ish joyi: Navoiy viloyati Uchquduq tuman 18-umumiy o’rta ta’lim maktabi

Lavozimi: ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi

Fan nomi: ona tili

Sinf:  6

O’quvchi soni: 30 nafar

Darsning mavzusi: Sifat so’z turkumi yuzasidan mustahkamlash darsi

Annotatsiya

Sifat so’z turkumini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan darsdan ko’zlangan maqsad o’quvchilarning sifat so’z turkumi yuzasidan bilimlarini mustahkamlash, sifat so’z turkumiga oid so’zlarni nutq jarayonida o’rinli qo’llay olish ko’nikmasini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat